Sirdaryoda noma’lum shaxslar shahar markazida ko‘chma hayvonot bog‘ini tashkil etdi, unda yovvoyi hayvonlar shafqatsiz sharoitda saqlanadi, deya xabar berdi ekofaollar.
Guliston markaziy bozori hududida ko‘chma hayvonot bog‘i ochildi. Guvohlar ulashgan kadrlarda bo‘rilar, ayiqlar, sudralib yuruvchilar va sherlar sanitariya qoidalariga rioya qilinmagan holda tor qafaslarda saqlanayotganini ko‘rish mumkin. Shuningdek, Ecolog.uz Telegram-kanali muallifi hayvonlar oziq-ovqatsiz va suvsiz saqlanayotgani, hayvonot bog‘i xodimlari tomonidan muntazam ravishda kaltaklanayotgani haqida yozdi.
Ekofaollar bu holat qonunbuzarlik ekanini eslatdi. Xususan, mamlakatda 2025-yil 1-yanvardan boshlab jismoniy shaxslarga yovvoyi hayvonlarni tutqunlikda saqlash, shuningdek, ulardan davlat va ko‘chma sirklarda foydalanish taqiqlanadi. Bunday hayvonlarni hayvonot bog‘lari va pitomniklarda saqlash maxsus ruxsatnoma bo‘lgandagina mumkin. Sirdaryo viloyati va Guliston Ekologiya boshqarmalari vaziyatni o‘rganishga chaqirdi.