Toshkent viloyatida maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilarining ommaviy zaharlanishi yana bir tumanga — Quyi Chirchiq tumaniga ta’sir ko‘rsatdi, deya xabar bermoqda Bolalar ombudsmani matbuot xizmati.
Ma’lum bo‘lishicha, 24-sentyabr kuni nafaqat Piskent va Bo‘ka, balki Quyi Chirchiq tumanidan ham bolalar ovqatdan zaharlanish alomatlari – isitma, ko‘ngil aynishi va diareya bilan shifokorlarga murojaat qilgan.
Mazkur holat yuzasidan 25-sentyabr kuni viloyat IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi 1-qismi (sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Aybdorlar besh yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
Bolalar ombudsmani vaziyatni kuzatishda davom etmoqda. Avvalroq zaharlanishga Oqqo‘rg‘on tumanida ishlab chiqarilgan sifatsiz 3,2 foizli kefir sabab bo‘lishi mumkinligi xabar qilingandi.