Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq, Oqqo‘rg‘on, Piskent va Bo‘ka tumanlarida bolalar bog‘chalarida ovqatdan ommaviy zaharlanish holatlari kuzatilgan.

Vazir E’zoza Karimova va vazir o‘rinbosari Azizbek Turdiyev 25-sentyabr kuni ushbu tumanlardagi maktabgacha ta’lim muassasalarida bo‘lib, vaziyat bilan yaqindan tanishdi. Hududiy huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda bog‘cha va oshxonalardagi sharoitlar o‘rganilib, muassasalar rahbariyati bilan suhbatlar o‘tkazildi.

Hozirda Quyi Chirchiq tumanida 12 nafar, Oqqo‘rg‘on tumanida 97 nafar bola shifokorlar nazoratida bo‘lib, ularning ahvoli barqaror. Piskent va Bo‘ka tumanlarida tarbiyalanuvchilar ehtiyot chorasi sifatida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda. Og‘ir holatlar aniqlanmadi, deya xabar berdi vazirlik.

Zaharlanish bo‘yicha tergov harakatlari allaqachon boshlangan. Mazkur holat yuzasidan 25-sentyabr kuni viloyat IIB tomonidan Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi 1-qismi (Sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Aybdorlar besh yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Bolalar ombudsmani vaziyatni kuzatishda davom etmoqda.

Avvalroq, 24-sentyabr kuni bir nechta bolalar bog‘chalari tarbiyalanuvchilari zaharlanish alomatlari – isitma, ko‘ngil aynishi va diareya bilan shifokorlarga murojaat qilgani haqida xabar berilgan edi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bunga Oqqo‘rg‘on tumanida ishlab chiqarilgan yog‘liligi 3,2 foiz bo‘lgan sifatsiz kefir sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Mutaxassislar bog‘chalarga yetkazib berilgan barcha mahsulotlardan namunalar olishdi.