24-sentyabr kuni Toshkent viloyatining Piskent va Bo‘ka tumanlaridagi qator maktabgacha ta’lim muassasalarida tarbiyalanuvchilar o‘rtasida ovqatdan zaharlanish holatlari aniqlandi, deb xabar bermoqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmati. Bolalar tibbiyot muassasalarining yuqumli kasalliklar bo‘limlariga yotqizilgan.
Birlamchi tibbiy ko‘rik natijalariga ko‘ra, “oshqozon-ichak traktining o‘tkir funksional buzilishi, ovqat toksikoinfeksiyasi” tashxisi qo‘yilgan. Barcha bolalarga zarur yordam ko‘rsatilib, shu kunning o‘zida ahvoli yaxshilangan aksariyatiga uylariga javob berildi. Qayd etilishicha, og‘ir holatlar qayd etilmagan.
Hokimlik vaziyat nazoratga olinganini ma’lum qildi. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda tekshiruv o‘tkazmoqda.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bolalar sog‘lig‘ining yomonlashishiga sifatsiz sut mahsulotlari, xususan, o‘sha kuni maktabgacha ta’lim muassasalariga yetkazib berilgan va Oqqo‘rg‘on tumanidagi sexlardan birida ishlab chiqarilgan yog‘liligi 3,2 foiz bo‘lgan kefir sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan bolalardan olingan tahlillar, shuningdek, ular iste’mol qilgan mahsulotlar namunalari laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazilmoqda. Mazkur holat yuzasidan epidemiologik surishtiruv ishlari davom etmoqda, — deyiladi idora xabarida.