25-sentyabr kuni soat 10:10 larda 63-sonli King Long avtobusining 60 yoshli haydovchisi Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida xavfsiz masofani saqlay olmay, oldinda ketayotgan 151-sonli avtobus bilan to‘qnashib ketgan, deb xabar bermoqda “Toshshahartransxizmat” AJ matbuot xizmati.

Zarba oqibatida Yutong avtobusi inersiya bilan oldinda ketayotgan Onix yengil avtomobiliga borib urilgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 63-sonli avtobusning 46 yoshli yo‘lovchisi M.I. qo‘rquv va kuchli stress tufayli kasalxonaga yotqizilgan.

YTH oqibatida ikkala avtobus ham texnik shikastlangan. Ushbu holat bo‘yicha surishtiruv ishlari olib borilmoqda.