2025-yil 1-oktyabrdan milliy qonunchilikka kiritiladigan eng muhim tuzatishlar sharhi e’lon qilindi. Yangiliklar sud tizimi, investitsiya mexanizmlari, ekologik talablar, ijtimoiy to‘lovlar va boshqa sohalarga ta’sir qiladi, deb yozadi Norma.

Sudyalar uchun kurslar

Sudyalik lavozimlariga nomzodlar Akademiyaning olti oylik kasbiy qayta tayyorlash kurslarida davlat granti asosida sud ixtisosliklari bo‘yicha tayyorlash kurslaridan o‘tadi. Bunda kasbiy qayta tayyorlash kurslariga qabul qilingan shaxslarning asosiy ish joyi bo‘yicha lavozimi saqlanadi, shuningdek, har oyda sudya yordamchisining oylik ish haqi miqdorida stipendiya to‘lanadi.

Investitsiya platformalari va “Tartibga solish qumdoni”

2026-yil 1-oktyabrga qadar qimmatli qog‘ozlarni joylashtirish va sotish, venchur va pay fondlarini hamda kommandit shirkatlarga qo‘yilmalarni moliyalashtirish uchun investitsiya platformalarini maxsus huquqiy rejimda sinovdan o‘tkazishga ruxsat berildi.

Yer qa’ridan foydalanishga ruxsat uchun bo‘lib-bo‘lib to‘lash

Foydali qazilmalar konlarini ochiq usulda qayta ishlashni tashkil etuvchi tadbirkorlik subyektlariga yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun ruxsatnoma berishga oid ausionda to‘lov taklif etilgan summani bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoni beriladi.

Uchastkalarni auksionsiz ijaraga olish

Tadbirkorlar o‘z binolariga tutash yer uchastkalarini (ta’lim va tibbiyot muassasalari yerlaridan tashqari) bir yil muddatga uzaytirish imkoniyati bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga olishlari mumkin bo‘ladi. Shartnomalar onlayn ro‘yxatdan o‘tkaziladi va to‘lov yer solig‘i stavkasining 3 baravaridan oshmaydi.

Xizmat safarlari to‘g‘risida hisobotlar – yagona platformada

Ichki va tashqi xizmat safarlari to‘g‘risidagi barcha ma’lumotlar “hrm.argos.uz” elektron tizimining yagona modulida bo‘ladi — rejalashtirish va geografiyadan tortib, samaradorlikni yakuniy baholashgacha.

Davlat хaridlari uchun sertifikatlangan mebel

Davlat xaridlari elektron portallarida faqat mahalliy ishlab chiqarish sertifikatiga ega mebellarni joylashtirish va xarid qilishga ruxsat beriladi.

Pensiyalarni tayinlash va to‘lash tartib-taomillarining raqamlashtirilishi

AT “Xalq banki” orqali pensiyalarni naqd shaklda tayinlash va to‘lash biometrik identifikatsiya (Face-ID) va elektron raqamli imzodan foydalangan holda amalga oshiriladi. Shuningdek, fuqarolarga pensiya tayinlashda, staj va ish haqi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘g‘rilashda yordam berish xizmati yo‘lga qo‘yilmoqda.

Oq shakar — aksiz solig‘isiz

Mamlakatga olib kiriladigan qo‘shimchasiz oq shakarga aksiz solig‘i bekor qilindi.

Ekologik ahamiyatga ega ishlab chiqarishlar uchun “yashil sertifikat”

Atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishning I va II toifalaridagi faoliyat turlari amaldagi “Yashil sertifikat”ga ega bo‘lishi shart. 2026-yil iyulgacha sertifikatlashtirish bo‘yicha shartnoma tuzgan kompaniyalar uchun ishlar bepul amalga oshiriladi.

Tovarlarni bojхonada rasmiylashtirish — “Yagona darcha” orqali

Tovarlarni olib kirish, olib chiqish va tranzit qilish uchun barcha sertifikat va ruxsatnomalar faqat “Yagona darcha” tizimi orqali rasmiylashtiriladi.

Subsidiyalar, grantlar — ijtimoiy karta orqali

Kambag‘allikni qisqartirish jamg‘armasidan fuqarolarga to‘lovlar ijtimoiy karta orqali bosqichma-bosqich o‘tkazib boriladi.