26-sentyabr tongida Toshkent viloyatidagi bog‘chalarda ovqatdan zaharlanish alomatlari bilan tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan bolalar soni 1940 nafarga yetdi, deya xabar bermoqda Daryo muxbiri.

Bemorlar yettita tumanda ro‘yxatga olingan:

  • Oqqo‘rg‘on — 413 nafar bola,
  • Bo‘ka — 537,
  • Piskent — 430,
  • Quyi Chirchiq — 64,
  • Bekobod — 98,
  • Olmaliq — 285,
  • Nurafshon — 113.

25-sentyabr kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova va uning o‘rinbosari Azizbek Turdiyev bir nechta zarar ko‘rgan hududlarga tashrif buyurdi. Ular huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikda bog‘cha va oziq-ovqat bloklaridagi sharoitlarni ko‘zdan kechirib, muassasalar rahbariyati bilan suhbatlashdi.

Avvalroq 24-sentyabr kuni zaharlanish bilan bog‘liq ilk holatlar qayd etilgani xabar qilingandi. Bolalar isitma, ko‘ngil aynishi va ich ketishidan shikoyat qilishdi. Mutaxassislar maktabgacha ta’lim muassasalariga yetkazib berilgan barcha mahsulotlardan namunalar olishdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bunga Oqqo‘rg‘on tumanida ishlab chiqarilgan sifatsiz 3,2 foizli kefir sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Mazkur holat yuzasidan viloyat IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi 1-qismi (Sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Aybdorlar besh yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Bolalar ombudsmani vaziyatni monitoring qilishda davom etmoqda.