Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Haydarovning 23 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan xalq deputatlari kengashi yig‘ilishida ma’lum qilishicha, poytaxtda yangi turistik zonalar tashkil etish rejalashtirilgan.

Sergeli tumanida Yangi Sergeli ko‘chasining 3,5 kilometrlik qismi tunu kun ishlaydigan sayyohlik ko‘chasiga aylantirilmoqda. Loyiha uchun respublika budjetidan 8,7 mlrd so‘m ajratiladi. Chilonzor tumanidagi Qatortol ko‘chasining 1 km qismi tun-u kun ishlaydigan hudud sifatida rekonstruksiya qilinmoqda, moliyalashtirish 10,2 mlrd so‘mni tashkil etadi.

Bundan tashqari, Yunusobod tumanidagi Bo‘zsuv kanalining qurilishi tugallanmagan qismi obodonlashtiriladi — sayilgoh “Minor”, “Matonat” va “Qashqar” mahallalari orqali o‘tadi.

Shuningdek, poytaxtning “Toshkent” metro bekati va Shimoliy vokzal o‘rtasidagi eng yirik yer osti o‘tish joyida savdoni qayta tiklash rejalashtirilgan. Bu yerda 1990-yillarning oxirida savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari faol ishlagan, ammo so‘nggi yigirma yil ichida o‘tish bo‘sh qolgan.

Avvalroq O‘zbekistonda kechayu kunduz ishlaydigan turistik ko‘chalar va hududlar soni 320 taga yetkazilishi rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi. Hozirda bunday zonalar poytaxtning bir qator tumanlarida — Taras Shevchenko, O‘zbekiston ovozi, Bunyodkor ko‘chalarida, So‘g‘diyona va Jaloyir ko‘chalari kesishmasida, shuningdek, Shota Rustaveli ko‘chasi va Yunusobodda ish olib borilmoqda.