O‘zbekiston va Janubiy Koreyaning Kyonsan-namdo provinsiyasi o‘rtasida mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolandi. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar bermoqda.
Hujjat O‘zbekistondan malakali mutaxassislar uchun E-7 toifasidagi ishchi vizalarini berishni nazarda tutadi. Kasb-hunar ma’lumotiga ega fuqarolar viloyatdagi yirik sanoat korxonalarida ishlab, malaka oshirishi mumkin bo‘ladi.
Kyonsan-namdo gubernatori Pak Van-su bu “viloyat tarixida xorijiy ishchi kuchini qabul qilish sohasidagi birinchi hujjat” ekanini ta’kidlab, mahalliy ish beruvchilar o‘zbekistonlik yoshlarning tayyorgarligini yuqori baholashini qo‘shimcha qildi.
Bundan tashqari, tomonlar mavsumiy qishloq xo‘jaligi xodimlari uchun E-8 toifasidagi vizalarni berishni qayta tiklash masalasini muhokama qildi va bu yo‘nalishda “ijobiy loyihalar”ni ishga tushirishga kelishib oldi.