Ijtimoiy tarmoqlarda Bo‘stonliq tumanidagi tog‘larda qo‘ng‘ir ayiq shafqatsizlarcha o‘ldirilgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi tomonidan o‘rganildi.

Tuman ekologiya bo‘limi mutaxassislari Burchmulla davlat dehqon xo‘jaligi xodimlari bilan hamkorlikda voqea joyiga yetib borgan. Tekshiruv natijasida “Qorong‘i-to‘qay” o‘rmon xo‘jaligining “Cho‘loqmergan” uchastkasi hududida 1 bosh Tyanshan qo‘ng‘ir ayig‘i nobud bo‘lgani aniqlandi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hayvon taxminan 70-80 metr balandlikdan qoyadan qulab tushgan. Ayiqning jasadi ekspertiza yakunlangunga qadar Burchmulla davlat xo‘jaligiga vaqtincha joylashtirildi. Xulosa olingandan so‘ng, hodisaga huquqiy baho beriladi.