Ijtimoiy tarmoqlarda Bo‘zsuv kanali suvi binafsha rangga kirgani aks etgan video paydo bo‘ldi. “Toshkent shahar suv ta’minoti” holatga izoh berdi.

Kompaniyaning ta’kidlashicha, suv rangining o‘zgarishiga to‘qimachilik korxonalarining beparvoligi va tejash istagi sabab bo‘lgan, ular oqova suvlarni tozalamasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri kanalizatsiyaga oqizadi.

Toshkent shahrida shahar oqova suvlarini qabul qilishga mo‘ljallangan uchta tozalash inshooti ishlab turibdi. Ular maishiy oqovalar — oshxona, hammom va hojatxonalarni tozalashga mo‘ljallangan bo‘lib, biologik tozalash texnologiyalari bilan jihozlangan. Shu bilan birga, kimyoviy chiqindilarni tozalash korxonalarning o‘zida amalga oshirilishi kerak.

Amaldagi talablarga ko‘ra, har bir korxona mahalliy tozalash qurilmalariga ega bo‘lishi shart, ular ishlab chiqarish oqovalarini umumiy tizimga tushishidan oldin tozalashi kerak.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Bo‘zsuv kanalini ifloslantirganlik uchun 1,5 mlrd so‘mdan ortiq kompensatsiya tayinlanganini ma’lum qildi.

Bo‘zsuv aeratsiya stansiyasidagi oqova suvlarning laboratoriya tadqiqotlari jiddiy buzilishlarni aniqladi: birinchi chiqishda muallaq moddalar miqdori me’yordan 23,7 baravar, uchinchisida esa 22,1 baravar oshdi.

Dastlabki tergov harakatlari davomida atrof-muhitga yetkazilgan zarar va oqova suvlarni noqonuniy oqizish uchun 1 mlrd 511 mln 966 ming 450 so‘m miqdorida zarar hisoblangan.

Mazkur holat yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan “Toshkent suv ta’minoti” AJga nisbatan Jinoyat kodeksining 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) va 207-moddasi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov davom etmoqda.