Tojikiston parlamenti deputati Dilnoza Ahmadzoda 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlashni taklif qildi. Bu haqda ASIA-Plus yozmoqda.
Joriy yilda Tojikiston hukumati “Bola huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunga yolg‘on va zararli ma’lumotlar bilan bog‘liq ba’zi tuzatishlar kiritdi.
Deputatning fikricha, bolalar va o‘smirlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishi nazoratga olinishi uchun qonunga boshqa o‘zgartirishlar kiritish zarurati mavjud.
U 14 yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmaganlar uchun ijtimoiy tarmoqlarga kirishni butunlay taqiqlashni, 14 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlarga esa faqat ota-onalarining yozma roziligi bilan foydalanishga ruxsat berishni taklif qildi.
Mutaxassislarning fikricha, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni butunlay taqiqlash muammoning yechimi emas. Ularning fikricha, foydalanishni butunlay taqiqlashdan ko‘ra, tartibga solish va nazorat qilish yaxshiroqdir.