29-sentyabr kuni Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va AQSH prezidenti Donald Tramp matbuot anjumanida G‘azo sektoridagi harbiy harakatlarni to‘xtatish rejasini taqdim etdi. Bu haqda DW yozmoqda.

Oq uy rahbarining aytishicha, Isroil bosh vaziri u taklif qilgan tinchlik rejasini qabul qilgan. Hozircha HAMASdan rozilik olinmagan.

Agar HAMAS taklif qilingan rejaga rozi bo‘lmasa, Netanyaxu ushbu guruhga qarshi harakatlarda Vashingtonning to‘liq qo‘llab-quvvatlashiga ega bo‘ladi, — deya Trampning so‘zlarini keltiradi DW.

Donald Tramp tomonidan taklif qilingan reja Isroil tomonidan ma’qullanganidan keyin 72 soat ichida HAMAS tomonidan garovga olingan barcha odamlar ozod qilinishi kerakligini nazarda tutadi. O‘z navbatida, Isroil yuzlab falastinlik mahbuslarni ozod qiladi va G‘azo sektoridan o‘z qo‘shinlarini bosqichma-bosqich olib chiqadi.

G‘azo terrorizmdan xoli qurolsizlantirilgan hududga aylanadi. HAMAS anklavni boshqarishda har qanday roldan voz kechadi, qurolini topshirgan harakat a’zolari esa amnistiya qilinishi yoki chet elga chiqishiga ruxsat berilishi mumkin.

G‘azo sektoriga zudlik bilan xalqaro barqarorlashtirish kuchlari kiritiladi, keng ko‘lamli insonparvarlik yordami yetkazib berish boshlanadi. Bundan tashqari, maxsus iqtisodiy zona tashkil etiladi. G‘azo sektoridan aholini majburiy ko‘chirish amalga oshirilmaydi.

O‘tish davrida G‘azo sektori Falastin hukumati islohotlari amalga oshirilmaguncha texnokratik qo‘mita tomonidan boshqariladi. Bu qo‘mita falastinliklar va butun dunyodan kelgan ekspertlardan tuziladi. Agar ikkala tomon ham taklifga rozi bo‘lsa, harbiy harakatlar darhol tugatiladi.