Afg‘onistonda ikki sutkalik uzilishdan so‘ng internet qayta ishga tushdi. Bu haqda BMT xabar bermoqda.

Tashkilotning qayd etishicha, “Tolibon” harakati vakillari aloqa to‘xtatilishi sabablariga aniq izoh bermagan. Shu bilan birga, odatdagi tartibda havo qatnovini tiklashga ruxsat berildi.

Avvalroq tashkilot kommunikatsiyalarning to‘sib qo‘yilishi Afg‘oniston aholisiga jiddiy zarar yetkazgani, ayniqsa, o‘tgan oyda sodir bo‘lgan vayronkor zilziladan aziyat chekkanini ma’lum qilgandi.

BMTning Afg‘onistondagi gumanitar koordinatori Indrika Ratvatte dushanba kunidan boshlab mamlakatda telekommunikatsiya va optik tolali aloqa to‘xtatilganini ma’lum qildi. Bu sharqiy mintaqalar aholisiga yordam ko‘rsatayotgan gumanitar tashkilotlar xodimlari bilan aloqa uzilishiga olib keldi.