Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi Air Samarkand xususiy aviakompaniyasidan ish haqi bo‘yicha qarzdorlik uchun 1,5 mlrd so‘m undirish to‘g‘risida da’vo arizasi kiritdi. Bu haqda vazirlik matbuot kotibi xabar berdi.
Shot nashrining yozishicha, Rossiyaning 50 ga yaqin fuqarosi kompaniyani uch oylik ish haqini kechiktirishda ayblamoqda. Xodimlar iyun oyidan ish haqi to‘lanishini kutishmoqda. Ishchilarning bir qismi, jumladan, Rossiya fuqarolari ham ishdan bo‘shashdi, kompaniyada faqat “aviahavaskorlar” qolmoqda. Hatto oziq-ovqat va ijara uchun ham pul berilmaydi.
30-sentyabr holatiga ko‘ra, idoraga aviatashuvchi xodimlaridan o‘nga yaqin ariza kelib tushgan. Idora fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, qarzdorlikni undirishni, shu jumladan har bir kechiktirilgan kun uchun pul kompensatsiyasi to‘lashni so‘ragan.
Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan ularning iyun-avgust oylari uchun to‘lanmagan 3 oylik ish haqlarini undirish bo‘yicha jami 1,5 mlrd so‘mlik da’vo arizalari kiritilgan.
Fuqarolar mehnat faoliyati bilan bog‘liq masalalar yuzasidan 1176 yoki (71) -200−06−00 ishonch raqamlari hamda munosibmehnat_bot Telegram boti orqali murojaat qilishlari mumkin.