O‘zbekiston va AQSH 3-4 mlrd dollarlik energetika loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov “O‘zbekiston24”ga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
Air Products O‘zbekistonga investitsiyalar hajmini oshirish va faoliyat yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilishga tayyorligini bildirdi. Muzokaralar davomida tomonlar gaz uzatish tizimida, shuningdek, mavjud kompressor va siqish stansiyalarida gaz agregatlarini elektr dvigatellariga almashtirish bo‘yicha yirik kelishuvlarga erishdi.
AQSH Eksport-import banki ushbu loyihalarni moliyalashtirishga qiziqish bildirdi. Energetika vazirligi rahbarining aniqlik kiritishicha, modernizatsiya dasturi ikki-uch yilga mo‘ljallangan va kamida 800 million dollarga baholanmoqda, bank esa allaqachon 852 million dollarlik kredit liniyasini ochishga tayyorligini bildirgan.
Energetika vazirligi Schlumberger va Baker Hughes kompaniyalari bilan burg‘ilash sohasida yangi texnologiyalar, tajriba va boshqaruv uslublarini qo‘llash bo‘yicha shartnomalar imzoladi. Shuningdek, “O‘zbekneftgaz” va Gulf o‘rtasida butun mamlakat bo‘ylab yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ini yaratishni nazarda tutuvchi 100 million dollarlik memorandum imzolandi.