2025-yilning sentyabr oyida iste’mol sektoridagi tovarlar va xizmatlar narxlari o‘rtacha 0,6 foizga oshdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar bermoqda.

Mutaxassislar hisob-kitoblar uchun 10 mingdan ortiq savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida 190 mingga yaqin narxlarni qayd etdilar. Kuzatuvda 420 turdagi oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari hamda 90 turdagi xizmatlar narxlari qamrab olindi.

Oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘rtacha 0,9 foizga oshdi. Nooziq-ovqat mahsulotlari 0,3 foizga, aholiga pullik xizmatlar 0,3 foizga qimmatlashdi.

Asosiy oziq-ovqat mahsulotlari orasida narxlarning oshishi inflyatsiyaga eng katta ta’sir ko‘rsatdi:

  • pomidor (16,9 %);
  • bulg‘or qalampiri (10,4 %);
  • sabzi (7,7 %);
  • tuxum (6,5 %);
  • tarvuz (5,6 %);
  • qovun (5,5 %);
  • suyaksiz mol go‘shti (1,8 %);
  • suyakli mol go‘shti (1,7 %);
  • qo‘y go‘shti (1,5 %);
  • parranda go‘shti (tovuq sonidan tashqari) (1,2%);
  • tovuq sonlari va oyoqlari (1,1%);
  • o‘simlik moylari (0,6%);
  • shakar (0,7%).

Shuningdek, nooziq-ovqat tovarlari orasida benzin (1,4 foizga), sement (2,9 foizga), qimmatbaho metallardan yasalgan nikoh uzuklari (2,9 foizga) qimmatlashgan. Xizmat ko‘rsatish sohasida muzeylarga tashrif buyurish (8,7%) va haydovchilarni tayyorlash kurslari (5%) qimmatlashdi — bu ushbu sohadagi inflyatsiya o‘sishining asosiy omillari bo‘ldi.

Yillik iste’mol narxlari indeksi (INI) 108 foizni tashkil etdi, bu o‘tgan yilning shu oyiga nisbatan 2,5 foiz punktga past — 2024-yil sentyabr oyida bu ko‘rsatkich 110,5 foiz edi.