O‘zbekistonning tashqi qarzi yarim yil ichida 8,1 mlrd dollarga oshib, 72 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bank sharhida aytiladi.
Regulyator ma’lumotlariga ko‘ra, ko‘rsatkich quyidagicha: davlat tashqi qarzi — 36,8 mlrd dollar; korporativ tashqi qarz — 35,4 mlrd dollar.
Ko‘rib chiqilayotgan davrda eksportning umumiy hajmi 29 foizga oshib, 16,6 milliard dollarni tashkil etdi, importning umumiy hajmi esa 10 foizga oshib, qariyb 23 milliard dollarga yetdi.
2025-yilning I yarim yilligida O‘zbekistonga kelib tushgan xalqaro pul o‘tkazmalari hajmining o‘sishi birlamchi va ikkilamchi daromadlar balansini ijobiy saldo bilan shakllantirishga yordam berdi — mos ravishda 850,9 mln dollar va 5,4 mlrd dollar.
Bundan tashqari, yarim yil ichida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning sof oqimi 2024-yilning shu davriga nisbatan 42 foizga oshib, 1,6 milliard dollarni tashkil etdi. Rezidentlarning xorijiy valyutadagi aktivlari hajmi yil boshiga nisbatan 12,1 mlrd dollarga (13 foiz), tashqi majburiyatlari hajmi esa 8,9 mlrd dollarga (11 foiz) oshdi.