Rossiya prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va inson huquqlari bo‘yicha kengash rahbari Valeriy Fadeyev Rossiya ko‘p xotinlik va niqob taqishga qarshi kurashish masalasida O‘zbekiston tajribasidan foydalanishi mumkinligini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyada norasmiy, ammo ko‘p xotinlilik, ayniqsa, ba’zi hududlarda keng tarqalgan va bu haqiqiy muammo ekanini ta’kidladi.

Buni nima qilish kerak? Bizda Rossiyada rasman ko‘pxotinlikka ruxsat berishga chaqiruvchi ovozlar yangramoqda, bu borada jiddiy munozara ketmoqda. Munozara ko‘pxotinlikka yo‘l qo‘ymaydigan dalillarni qanday topish haqida, — dedi Valeriy Fadeyev.

Shu bilan birga, Rossiya IHK rahbari O‘zbekistonda davlatning dunyoviyligi juda qat’iy amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Xususan, mamlakatda ikki yoki undan ortiq ayol bilan er-xotin bo‘lib yashashni targ‘ib qilganlik, jamoat joylarida shaxsini identifikatsiya qilish imkonini bermaydigan darajada yuzini to‘sgan holda yurganlik uchun jiddiy jazo choralari qo‘llanilmoqda. Valeriy Fadeyevning ta’kidlashicha, bu “g‘alati tuyuladi, lekin biz o‘rganishimiz kerak bo‘lgan narsalar bor”.