Toshkentda yer usti halqa metro liniyasida yo‘lovchi tashish 18-oktyabrdan tiklanishi kutilmoqda. Bu haqda shahar metropoliteni matbuot xizmati xabar bermoqda.

Rejali profilaktik ta’mirlash ishlari olib borilayotgani sababli transport harakati to‘xtatildi. Hozirda ishlar yakuniy bosqichga chiqdi. Maksimal harakat xavfsizligi va qulaylikni ta’minlash uchun poyezdlar dastlab sinov rejimida — yo‘lovchilarsiz harakatlanadi.

Sinovlar yakunlanib, ijobiy xulosa olingandan so‘ng, liniya odatdagi ish tartibiga o‘tadi. Yo‘lovchilar tashishni qayta boshlashning taxminiy sanasi 18-oktyabr etib belgilangan.