Toshkent prokuraturasi poytaxtdagi Grand Mir mehmonxonasi mojarosiga aralashdi. Bu haqda bloger Nikita Makarenko ma’lum qildi.
Huquq-tartibot idoralari “Bog‘saroy” mahallasida yashovchi bir guruh namoyishchilarning murojaatiga javoban Bosh rejaga ko‘ra, Grand Mir Hotel mehmonxonasi o‘rnida 5 qavatdan baland binolar qurilishi taqiqlanganini rasman ma’lum qildi. Shuningdek, prokuratura shaharsozlik kengashiga hech qanday hujjat topshirilmaganini tasdiqladi.
Avvalroq bino egalari bu yerda 30 qavatli uchta binodan iborat katta majmua qurmoqchi ekani haqida xabarlar tarqalgandi. Ko‘pchilik toshkentliklar bunga qarshi chiqqan.
Blogerning ta’kidlashicha, hozircha Toshkent shahar hokimligi ham, Qurilish vazirligi ham ushbu bino bo‘yicha hech qanday ishonchli ma’lumot taqdim etmagan. O‘z navbatida, davlat organlari ham Toshkentdagi Grand Mir mehmonxonasi o‘rnida 30 qavatli binolar qurilishini rasman noqonuniy deb topdi.
Aholi advokatlar yordamida o‘nlab so‘rovlar yuborib, loyihani kelishishning asosiy tartibi yo‘qligini, hududning batafsil rejasi ishlab chiqilmaganligini aniqladi.