Markaziy bank TBC bank, Davr bank va Hamkorbankda bir qator qoidabuzarliklarni aniqladi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar bermoqda.

Joriy yilda TBC bank, Davr bank va Hamkorbankda bank xizmatlari iste’molchilari bilan o‘zaro munosabatlar sohasidagi qonunchilik talablariga rioya etilishi bo‘yicha tekshiruv o‘tkazildi. Tekshiruv natijasida mazkur banklar tomonidan bir qator qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi. Xususan:

TBC bankda quyidagi qoidabuzarliklar qayd etildi:

  • rasmiy veb-saytda to‘liq ma’lumot mavjud emasligi;
  • garovlarni reyestrdan chiqarishdagi kechikishlar;
  • onlayn-mikrokreditlar berishda qarzdorlarni oldindan xabardor qilmaslik;
  • tushgan mablag‘larning qarzni to‘lash uchun o‘z vaqtida o‘tkazilmaganligi;
  • mijozlarning murojaatlarini ko‘rib chiqishda qonun talablariga rioya qilmaslik.

Davr bankda aniqlangan:

  • mijozlarga xizmat ko‘rsatishda qo‘shimcha xizmatlarni yuklash;
  • valyuta kreditlari bo‘yicha kunlik foizlarning noto‘g‘ri hisoblanishi;
  • saytdagi to‘liq bo‘lmagan ma’lumotlar;
  • shartnomalarda qonun bo‘yicha majburiy shartlar mavjud emasligi;
  • kreditning to‘liq qiymati taqdim etilmaganda;
  • kreditlarni yetarli ma’lumotlarsiz mobil ilova orqali onlayn berish;
  • garovlarni reyestrdan chiqarishdagi kechikishlar;
  • mijozlarning murojaatlarini ko‘rib chiqishda yo‘l qo‘yilgan qoidabuzarliklar.

Hamkorbankda aniqlandi:

  • saytda zarur ma’lumotlarning yo‘qligi;
  • kreditlar berishda ortiqcha vositachilik haqlari va to‘lovlarni undirish;
  • garovlarni reyestrdan chiqarishdagi kechikishlar;
  • mijozlarning murojaatlarini ko‘rib chiqishda qonunlarga rioya qilmaslik.

Tekshiruvlar natijasida Markaziy bank quyidagi jarimalarni qo‘lladi:

  • TBC bankka — 615 mln so‘m;
  • Davr bankka — 931 mln so‘m;
  • Hamkorbankka — 955 mln so‘m.

Shuningdek, banklarga noto‘g‘ri undirilgan mablag‘larni mijozlarga qaytarish topshirildi. Xususan,

  • TBC bank — ortiqcha foiz sifatida hisoblangan qariyb 4,2 mlrd so‘m;
  • Davr bank — 4 mlrd so‘mdan ortiq;
  • Hamkorbank — qariyb 20 milliard so‘m noqonuniy to‘lovlar.

Markaziy bank banklardan aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish, mijozlarga yetkazilgan zararni qoplash va buzilgan huquqlarni tiklashni talab qildi.