O‘zbekiston Rossiyadagi mehnat muhojirlari uchun imtihonlarni soddalashtirishni taklif qildi. Bu haqda Migratsiya agentligi direktori Behzod Musayev “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Rossiyada 1,3 millionga yaqin O‘zbekiston fuqarosi vaqtincha mehnat qilmoqda. Shu bilan birga, migrantlar soni mavsumga va ish beruvchilar tomonidan talabga qarab o‘zgarib turadi. Behzod Musayev Rossiyada mehnat qilayotgan vatandoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning mehnat faoliyati davomida erkin harakatlanishi, shuningdek, ishlash uchun ruxsatnoma olishning murakkab jarayonlarini soddalashtirish masalalarini ko‘tardi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston Rossiyada ishlashni xohlovchi fuqarolarga o‘z vatanida, shu jumladan, hududlarda til imtihonini topshirish imkoniyatini taklif qilmoqda.

Til imtihonini topshirishda tarix va qonunchilikka oid ko‘plab murakkab va hech kimga kerak bo‘lmagan savollar bor. Biz bu misollarni keltirib o‘tdik. [Rossiya prezidenti huzuridagi] Inson huquqlari bo‘yicha kengash a’zolari va rahbariyati so‘zlarimizning to‘g‘riligini tushunadi, — deya izoh berdi Migratsiya agentligi direktori.