Hukumat tomonidan Kam ta’minlangan oilalar reyestriga kiritilgan oilalarga kredit ajratish tartibi tasdiqlandi. Bu haqda Norma portali yozmoqda.
Hujjat kam ta’minlangan oilalarga ariza berish va ularni ko‘rib chiqish, arizalarni baholash va ular bo‘yicha xulosa berish, kam ta’minlangan oilalarga tijorat banklari tomonidan kreditlar ajratish va ularni monitoring qilish tartibini belgilaydi.
Biznesni boshlash uchun noutbuk va boshqa asosiy uskunalar, kichik ishlab chiqarish uskunalari, ko‘chma do‘konlar (fudtrak), skuter, samokat va boshqa mol-mulklarni xarid qilish uchun garovsiz kreditlar Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturining yagona elektron platformasi — Oilakredit.uz orqali ajratiladi.
Kam ta’minlangan oilalarga tijorat banklari tomonidan ajratiladigan kreditlar bo‘yicha foiz to‘lovlari Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida foiz stavkasi bo‘yicha hisoblanadi. Foiz to‘lovlari Davlat byudjetidan Kambag‘allikni qisqartirish davlat maqsadli jamg‘armasiga ajratiladigan mablag‘lar hisobidan tijorat banklariga o‘tkazib beriladi.
2025-yilda kam ta’minlangan oilalarga kreditlar berish uchun Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida avvalgi yillarda ajratilgan kreditlarni so‘ndirish hisobidan 250 mlrd so‘m ajratiladi.