Hukumat Mahmudxo‘ja Behbudiy va Bahodir Yo‘ldoshev nomidagi davlat mukofotlarini tasdiqladi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Idora ma’lumotlariga ko‘ra, laureatlarni aniqlash uchun tanlov har ikki yilda bir marta o‘tkaziladi. Mukofotlar bilan teatr sohasida faollik ko‘rsatib, repertuarni dolzarb mavzulardagi sahna asarlari bilan boyitishga munosib hissa qo‘shayotganlar taqdirlanadi.

G‘oliblarga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari (63,5 million so‘m) miqdorida pul mukofoti, diplom va statuetka topshiriladi. Tantanali taqdirlash marosimi har yili Xalqaro teatr kuni — 27 mart arafasida o‘tkaziladi.

Mahmudxo‘ja Behbudiy nomidagi mukofot dramaturglarga, Bahodir Yo‘ldoshev nomidagi mukofot esa yosh rejissyorlarga topshiriladi.