Ijtimoiy tarmoqlarda 29-sentyabr kuni Istanbulda o‘zbekistonliklar qo‘lga olingani haqida ma’lumot paydo bo‘ldi. Bosh konsulxona vaziyatga izoh berdi.

Diplomatlar mahalliy politsiya tomonidan olti kishi, jumladan, bloger Jasmin qo‘lga olingani haqidagi ma’lumotni tasdiqladi. Ertasi kuni hibsga olinganlar Maltepening yopiq jazoni ijro etish muassasasiga joylashtirilgan.

Ular giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishi bilan bog‘liq jinoyatni sodir etganlikda gumon qilinmoqda. Tintuv davomida ashyoviy dalillar olib qo‘yildi va ekspertizaga yuborildi. Hozirda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.