Energetika tizimi kuz-qish ish rejimiga o‘tkazildi, butun mamlakat bo‘ylab yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan hodisalarga tezkor javob berish uchun avariya brigadalari tashkil etildi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Yil davomida 7 ming kilometrdan ziyod elektr uzatish tarmoqlari va 1 ming 700 dan ortiq transformator punktlari yangilandi. Shu bilan birga, gaz xo‘jaligi modernizatsiya qilindi — 538 kilometr magistral va taqsimlash gaz quvurlari, shuningdek, 951 ta gaz taqsimlash punkti rekonstruksiya qilindi.

Qish mavsumida elektr energiyasi iste’moli ortadi. Yozda sutkalik ko‘rsatkichlar soatiga 270-275 million kilovatt bo‘lgan bo‘lsa, qishda 290-300 million kilovatt bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

O‘sib borayotgan yuklamani ta’minlash va generatsiyani rivojlantirish uchun 2025-yil oxirigacha yangi obyektlarni, jumladan, umumiy quvvati 3 ming megavattdan ortiq quyosh va shamol elektr stansiyalari, 1167 MVt issiqlik stansiyalari va 1,5 ming megavattdan ortiq energiya saqlash tizimlarini ishga tushirish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, yil boshidan buyon aholiga 464 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berilgan bo‘lsa, yil yakuniga qadar bu ko‘rsatkich 199 ming tonnaga oshadi. Gaz ta’minoti uzluksizligini kafolatlash maqsadida respublika bo‘yicha 29 mingdan ortiq maishiy gaz ballonlari zaxirasi yaratildi.