Afg‘oniston hukumati O‘zbekiston kompaniyalariga o‘z hududida geologiya-qidiruv ishlarini olib borish va uglevodorodlarni qazib olish uchun litsenziya berdi. Bu haqda energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

14-sentyabr kuni tomonlar Tuti-Maydan gaz konini o‘zlashtirish ishlarini boshladi. Vazir, shuningdek, Afg‘onistondagi barqarorlik va infratuzilmaning rivojlanishi O‘zbekiston uchun jahon okeaniga chiqish yo‘lini ochishini aytdi.

Va albatta, yana bir gap: agar kelajakda u yerda tinchlik bo‘lsa, iqtisodiyot va infratuzilma rivojlansa, Afg‘onistonning bu hududi biz uchun tranzit salohiyati sifatida dunyo okeaniga chiqishning eng qisqa yo‘li bo‘ladi. Bu bizga iqtisodiy o‘sish va logistika salohiyatidan yanada kengroq foydalanish imkonini beradi, — deya tushuntirdi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘onistondagi tinchlik va barqarorlik nafaqat O‘zbekiston, balki barcha qo‘shni davlatlar uchun ham muhimdir. Vazirning qo‘shimcha qilishicha, afg‘on xalqining O‘zbekistonga bo‘lgan samimiy munosabati har bir muloqot davomida ko‘rinib turadi.

Afg‘on xalqining O‘zbekistonga, o‘zbek xalqiga bo‘lgan munosabati odamlarning ko‘zlaridan ko‘rinib turibdi. Va har bir muzokara jarayonida ular prezidentimizning Afg‘oniston xalqiga ko‘rsatayotgan mehrini haqiqatan ham his qilayotganliklarini bildirmoqda, — dedi Mirzamahmudov.