Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevning taklifiga binoan 6-7-oktyabr kunlari amaliy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Davlatimiz rahbari Turkiy davlatlar tashkilotining G‘alaba shahrida o‘tadigan navbatdagi sammiti tadbirlarida ishtirok etadi. “Mintaqaviy tinchlik va xavfsizlik” mavzusida o‘tkazilayotgan yig‘ilish kun tartibidan Tashkilot doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish va chuqurlashtirishning dolzarb masalalari o‘rin olgan.
Siyosiy, savdo-iqtisodiy, innovatsiya, investitsiya, energetika, transport-kommunikatsiya, gumanitar va boshqa ustuvor sohalardagi amaliy hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqiladi.
Delegatsiyalar rahbarlari xalqaro siyosatning muhim jihatlari yuzasidan ham fikr almashadi. Sammit yakunida Tashkilotga a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan qator qo‘shma qaror va hujjatlar qabul qilinishi rejalashtirilgan.