Sirdaryoda Xovos tumani hokimi o‘rinbosari korrupsiyada gumonlanib qo‘lga olindi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar bermoqda.
Gumonlanuvchi viloyat investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi tuman bo‘limi mutaxassisi bilan jinoiy til biriktirgan. Ular iyun oyida fermer xo‘jaligi rahbaridan xo‘jalikni sholi yetishtirish rejasiga kiritgani, eksport rejasi bajarilganini tasdiqlagani, shuningdek, huquq-tartibot idoralari tomonidan go‘yoki o‘tkazilgan tekshiruv vaqtida homiylik qilgani uchun 10 ming dollar olgan.
Shundan so‘ng, hokim o‘rinbosari yerni olib qo‘yish va jinoiy ish qo‘zg‘atish bilan qo‘rqitib, yana 20 ming dollar talab qilgan. U sherigi orqali 10 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 3-qismi “a” bandi (tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilar qamoqqa olingan.