Osiyo futbol konfederatsiyasi O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasini jarimaga tortdi Osiyo futbol konfederatsiyasi Jahon chempionati saralashining so‘nggi o‘yinida futbolchilarni noqonuniy taqdirlash marosimini o‘tkazgani uchun O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasini jarimaga tortdi.

10-iyun kuni Toshkentdagi “Bunyodkor” stadionida bo‘lib o‘tgan o‘yinda O‘zbekiston Qatarni 3:0 hisobida mag‘lub etdi va mustaqillik davrida ilk bor mundialga yo‘l oldi. Stadionga prezident Shavkat Mirziyoyev, Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso va Bolgariya prezidenti Rumen Radev tashrif buyurdi.

Uchrashuv yakunlangach, shou-dastur bo‘lib o‘tdi, Shavkat Mirziyoyev maydonga tushib, shaxsan o‘zi futbolchilar va milliy terma jamoa vakillariga BYD «Prezident» avtomobillarining kalitlarini topshirdi. O‘zbekiston terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Srechko Katanets sovg‘a qilingan avtomobilni terma jamoa tarjimoni Davron Ahmedovga topshirdi.

OFKning ta’kidlashicha, o‘yindan keyingi marosim Konfederatsiya qoidalariga zid, kelishilmagan holda tashkil etilgan, OFKning tijorat hamkorlari huquqlarini buzgan va maydonga chiqarilgan Xitoyning BYD avtomobillari ko‘rinishidagi “yashirin marketing” elementiga ega bo‘lgan.

Natijada O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi 340 ming dollar jarimaga tortildi.