Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda xorijliklar uchun maxsus soliq rejimini joriy etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

1-yanvardan boshlab chet el fuqarolari 50 ming dollar miqdoridagi bir martalik yig‘imni to‘lashlari mumkin bo‘ladi, bu pul uchun chet el fuqarosi O‘zbekistondan tashqaridagi manbalardan olingan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lashdan to‘liq ozod qilinadi.

50 ming dollarlik to‘lovdan tashqari, xorijlik litsenziyalangan kriptobirjada bank hisob raqami yoki kriptohamyon ochishi shart bo‘ladi.

12 oylik davr mobaynida respublika hududida 30 kun amalda bo‘lgan yoki O‘zbekistonda ko‘chmas mulkka ega bo‘lgan chet el fuqarolari avtomatik ravishda O‘zbekistonning soliq rezidenti hisoblanadi.

Bu nima beradi?

O‘zbekiston chet elliklar uchun “soliq boshpanasi”ga aylanishi mumkin, bu esa o‘ziga to‘q odamlar, tadbirkorlar, IT mutaxassislari, kripto investorlar oqimini rag‘batlantiradi. Ehtimol, “soliq ekspatlari” paydo bo‘ladi — ular ko‘chmas mulkka sarmoya kiritishlari, mamlakat ichida pul sarflashlari, xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirishlari mumkin. Bu aholi hayotiga bilvosita ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Moslashuvchan soliq rezidensiyasi O‘zbekistonni investorlar uchun maxsus maqomlarga ega o‘xshash dasturlar amal qiladigan Singapur, Dubay yoki qo‘shni Qozog‘iston bilan bir qatorga qo‘yadi.

O‘zbekiston fuqarolari uchun vaziyat u qadar quvonarli emas. Mahalliy aholi uchun soliq imtiyozini sotib olish imkoniyati ko‘zda tutilmagan. Biroq, O‘zbekistondagi rasmiy o‘rtacha ish haqi 4,5 million so‘m va JSHDS 12 foizni tashkil etishini hisobga olsak, o‘rtacha o‘zbekistonlik 50 ming dollar JSHDS to‘lashi uchun 98 yil ishlashi kerak bo‘ladi.

Bundan tashqari, boy xorijliklar va soliq ekspatlarining ehtimoliy oqimi ko‘chmas mulk, shu jumladan ijara narxlarining oshishiga olib keladi.