Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi erkakka nisbatan zo‘rlash ishini soxtalashtirish maqsadida maktab direktori bo‘lgan ayol va tuman soliq idorasi rahbarini kaltaklab, haqorat qilgan Furqat tumani IIB xodimlariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini nazoratga oldi.

Senat Ichki ishlar vazirligi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qonuniy qarorlar qabul qilinishi ustidan parlament nazoratini o‘rnatdi va qonun buzilishining har qanday ko‘rinishiga “murosasiz munosabatda bo‘lishini” ta’kidladi.

Senator Malika Qodirxonova holat butun tizimning obro‘siga putur yetkazganini aytib, to‘liq va xolis tekshiruv o‘tkazishga chaqirdi.

Inson qadr-qimmati davlat siyosatida eng oliy qadriyatdir. Uni himoya qilish har birimizning, ayniqsa, huquq-tartibot idoralari xodimlarining muqaddas burchiga aylanishi shart. Hech kim, kim bo‘lishidan qat’i nazar, qonundan ustun emas. Qonunni qo‘llashi kerak bo‘lgan shaxslar tomonidan qonunni buzish ikki tomonlama jinoyat hisoblanadi. Bu holat biz uchun jiddiy saboq bo‘lishi, tizimdagi kamchiliklar va qonun buzilishlariga qat’iy baho berishni talab qilishi kerak, — dedi Malika Qodirxonova.

Avvalroq Quvasoy tuman sudida tuman IIB boshlig‘i va birinchi o‘rinbosari Akmal Xo‘jayev va Jasur Rasulovga nisbatan Jinoyat kodeksining 6 ta moddasi bilan ayblov e’lon qilinib, 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangandi.