8-oktyabr kuni italiyalik futbol yulduzi Fabio Kannavaro O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida ilk bor matbuot anjumani o‘tkazdi.

9-oktyabr kuni Toshkentdagi Olimpiya stadionida Kannavaro boshchiligidagi ilk o‘yin bo‘lib o‘tadi, jamoa Quvaytga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushadi.

Men uchun har bir o‘yin murakkab, o‘yin yillarida ham, hozir ham. Tayyorgarliksiz maydonga tushish mumkin emas. Shuning uchun men har doim futbolchilar maksimal darajada tayyor bo‘lishi kerakligini ta’kidlayman. Hatto o‘rtoqlik o‘yinlarida ham. Men hujumkor futbol tarafdoriman, ammo bu 90 daqiqa davomida hujum qilamiz degani emas. O‘yinni murabbiylar shtabi bilan muhokama qilamiz, shuningdek, bugun futbolchilar bilan suhbatlashamiz, — dedi Fabio Kannavaro.

Bosh murabbiy Turg‘unboyev va Eshmurodovni alohida e’tirof etib, ularni terma jamoaga chaqirish haqida gapirdi. Terma jamoaning sobiq bosh murabbiyi Timur Kapadze bosh murabbiy yordamchisiga aylangani haqida Kannavaro hurmat bilan gapirdi.

Timur Kapadze bilan birga ishlaymiz, o‘yin falsafalarimiz o‘xshash. U o‘zbek futbolida katta tajribaga ega. Mahalliy mutaxassis bilan muammosiz ishlayman. Balki shtabga boshqa mahalliy mutaxassislarni ham jalb qilarmiz. Maydondagi 11 futbolchi bir-birini qanchalik tushunishi men uchun muhim. Faoliyatim davomida men ajoyib murabbiylar bilan ishladim va ulardan ko‘p narsalarni o‘rgandim, — Fabio Kannavaro.

Fabio Kannavaro bilan shartnoma imzolash bo‘yicha yakuniy qaror 6-oktyabr kuni qabul qilindi. Avvalroq yangi murabbiyning ehtimoliy maoshi yiliga 4 million yevroni tashkil etishi haqida mish-mishlar tarqalgandi, yakuniy summa esa ikki baravardan ko‘proq kamroq bo‘lib chiqdi.