Shavkat Mirziyoyev 9-10 oktyabr kunlari Emomali Rahmonning taklifiga binoan Tojikistonga tashrif buyuradi.

O‘zbekiston Prezidenti Dushanbe shahrida o‘tadigan “Markaziy Osiyo–Rossiya” formatidagi ikkinchi sammit va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etadi.

Bo‘lajak tadbirlar kun tartibidan ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish, shu jumladan siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalarda qo‘shma loyihalarni ilgari surish, sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport, energetika va infratuzilma sohalarida kooperatsiya qilish, faol madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirish masalalari o‘rin olgan.

Davlat rahbarlari xalqaro kun tartibi va mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashning dolzarb jihatlarini ham muhokama qiladi.

Sammitlar yakunida amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan qator qo‘shma hujjatlar va qarorlar qabul qilinishi ko‘zda tutilgan.