“Yuksalish” jamoatchilik harakati shaxsiy foydalanish uchun tovarlarni bojsiz olib kirish bo‘yicha amaldagi normalar yuzasidan bayonot berdi.
“Yuksalish” bojxona-tarif siyosati bozorni qimmatlashtirish va monopoliyani kuchaytirish vositasiga aylanib qolmasligi kerakligini ta’kidladi.
1-maydan boshlab aviaqatnovlar uchun 1000 dollar, temir yo‘l orqali kirish uchun 500 dollar, avtotransportda chegarani kesib o‘tish uchun 300 dollar, xalqaro kuryerlik jo‘natmalari uchun 200 dollar va pochta jo‘natmalari uchun 100 dollar miqdorida yangi cheklovlar o‘rnatildi.
Yangi tartib fuqarolarga moliyaviy yukni kuchaytirdi va raqobat muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Ular yirik importchilar va rasmiy distribyutorlar uchun afzalliklar yaratadi, oddiy iste’molchilar esa tovarlar uchun ortiqcha to‘lashga majbur bo‘ladi.
Yuqori stavkalar narxlarning oshishiga, assortimentning qisqarishiga, mahsulot sifatining yomonlashishiga va kichik biznes pozitsiyasining zaiflashishiga olib keladi.
Shu bois, cheklov va stavkalarni faqat qonun darajasida belgilash, shaxsiy va tijorat maqsadida olib kirishni aniq chegaralash, yagona 30 foizlik tarifdan ko‘ra, progressiv tariflarni qo‘llash taklif etilmoqda.
Harakat mamlakatda yetarlicha raqobat mavjud bo‘lmagan tovarlar uchun shartlarni yumshatish va mobil qurilmalarni UzIMEI tizimi orqali ro‘yxatdan o‘tkazishni soddalashtirish, bir yoki ikkita shaxsiy gadjetni olib kirishda jarayonni bepul qilishni taklif qilmoqda.
Shaxsiy foydalanish uchun tovarlarni olib kirishda yuqori boj fuqarolarning mulkiy huquqlarini cheklaydi va iqtisodiy erkinlik tamoyillariga ziddir, — “Yuksalish”.
Bojxona siyosati qo‘shimcha to‘siqlar yaratishga emas, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va adolatli raqobat muhitini rivojlantirishga qaratilishi lozim.
Avvalroq raqamli texnologiyalar vaziriga IMEI-kodlar bilan bog‘liq muammolar tufayli so‘rov yuborilgan edi.