Istiqbolli loyihalar milliy agentligida Facebook, Instagram, WhatsApp va Threads ijtimoiy tarmoqlariga egalik qiluvchi Meta kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tomonlar O‘zbekistonda Meta vakolatxonasini ochish istiqbollari, kompaniya platformalarida reklamani ilgari surish va joylashtirishda firibgarlikning oldini olish sohasida hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, kontentni monetizatsiya qilish va mamlakatda raqamli kontent yaratuvchilarini qo‘llab-quvvatlash masalalarini muhokama qildi.

Meta va O‘zbekiston vakillari raqamli platformalarni tartibga solish, foydalanuvchilarni himoya qilish va adolatli monetizatsiya tizimini rivojlantirish sohasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot va tajriba almashishni yo‘lga qo‘yadi.

Raqamli xavfsizlik, reklama shaffofligi va mas’uliyatli raqamli xatti-harakatlarni targ‘ib qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Hozircha aniq qarorlarga erishilmagan, tomonlar o‘zaro hamkorlikni davom ettirishga va hamkorlikning aniq yo‘nalishlarini ishlab chiqishga kelishib oldi.