9-oktyabrga o‘tar kechasi Donald Tramp Isroil va HAMAS terrorchilik tashkiloti o‘rtasida G‘azo sektori bo‘yicha tinchlik rejasi imzolanganini ma’lum qildi.
Hozircha tomonlar faqat birinchi bosqichga kelishib oldi — terrorchilar 13-oktyabrgacha isroillik garovga olinganlarni qo‘yib yuboradi, Isroil esa bunga javoban qo‘shinlarini kelishilgan chiziqqa olib chiqadi. Bu uzoq muddatli va abadiy tinchlik sari birinchi qadam bo‘lishi kerak, deb hisoblaydi AQSH prezidenti.
Mojaroning barcha tomonlariga adolatli munosabat bo‘ladi, — Donald Tramp.
AQSH prezidenti bu kun arab va musulmon dunyosi, Isroil, AQSH, Yaqin Sharq mamlakatlari uchun buyuk kun ekanini ta’kidladi. U Qatar, Misr va Turkiyaga vositachilik uchun minnatdorchilik bildirdi.
Shuningdek, AQSH G‘azo sektorini tiklashda ishtirok etishi ham ma’lum. Donald Trampning Misr va Isroilga tashriflari kutilmoqda.
O‘zbekiston prezidentining tashqi siyosat bo‘yicha maslahatchisi Abdulaziz Komilov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida Isroil G‘azoda “ochiq genotsid” sodir etganini aytdi. O‘zbekiston mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha muzokaralar, jumladan, AQSH rejasini qo‘llab-quvvatlaydi.
AQSH prezidenti yangi g‘oya bilan chiqdi. Men ko‘p yillar davomida Yaqin Sharqda ishlaganman va bu rejani qo‘llab-quvvatlash mumkin deb hisoblayman. Agar bu jarayon davom etsa va tinchlikka erishilsa, prezidentimizning pozitsiyasi va munosabati AQSH pozitsiyasiga yanada yaqinlashadi, — Abdulaziz Komilov.