Andijon viloyati Marhamat tumani hokimi o‘rinbosari katta miqdorda pora olayotgan vaqtda qo‘lga olindi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar bermoqda.
Gumonlanuvchi tadbirkorga yo‘l yoqasidagi 400 metr uzunlikdagi drenaj kanalini yopib, 8 ta savdo do‘koni qurish uchun hosil bo‘lgan 60 sotix yer maydonining hujjatlarini rasmiylashtirib berishni va’da qilgan. Buning uchun u 15 ming dollar talab qilgan. Amaldor avans sifatida 200 dollar oldi. U 14,8 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “a,v” bandlari va 211-moddasi (pora berish) 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hokim o‘rinbosari qamoqqa olinib, tergov harakatlari olib borilmoqda.