Markaziy bank tijorat banklarini kreditni qaytarishning yangilangan jadvali qarz oluvchiga faqat uning so‘roviga ko‘ra taqdim etilishi amaliyotidan voz kechishga chaqirdi. Bu haqda regulyator o‘z maktubida ma’lum qildi.
So‘nggi paytlarda bir qator banklar kredit shartnomalariga to‘lov muddatlari yoki miqdorlari o‘zgargan taqdirda, yangilangan jadval mijozga faqat murojaat qilganda berilishi shartini kiritmoqdalar. Markaziy bank bunday amaliyotni yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan va qonunchilikka zid deb hisoblaydi.
Qayd etilishicha, kreditni qaytarish jadvali kredit shartnomasining ajralmas qismi bo‘lib, unda qarz oluvchi uchun muhim ma’lumotlar — asosiy qarz va foizlar miqdori, qarzdorlik qoldig‘i va to‘lov sanasi ko‘rsatiladi. Yangilangan jadvalni taqdim etmaslik kechikishlar, jarimalar va kredit tarixining yomonlashishiga olib kelishi, shuningdek, mijoz va bank o‘rtasida nizolarni keltirib chiqarishi mumkin.
Shuningdek, Markaziy bank “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, banklar mijozlarga xizmat ko‘rsatish shartlari to‘g‘risida to‘liq ma’lumot taqdim etishi shartligini eslatib o‘tdi. Shuningdek, “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, iste’molchilarning huquqlarini cheklovchi shartnoma shartlari haqiqiy emas. Bundan tashqari, bank kredit shartnomasi imzolangan kunda uning bir nusxasini qarz oluvchiga topshirishi shart.
Shu munosabat bilan regulyator barcha banklardan quyidagilarni talab qildi:
- bunday shartlarni yangi kredit shartnomalariga kiritishni rad etish;
- bunday qoidalarni bartaraf etish maqsadida tuzilgan shartnomalarga o‘zgartirishlar kiritish;
- mijozning so‘rovidan qat’i nazar, shartlar har qanday o‘zgarganda qarz oluvchiga kreditni qaytarishning yangilangan jadvalini majburiy tartibda taqdim etishi shart.
Markaziy bankning qayd etishicha, bankdan javobgarlikni olib tashlash va uni qarz oluvchiga yuklashga urinishlar qonunchilik talablariga zid bo‘lib, iste’molchilar huquqlarini buzadi.