O‘zbekistonning birinchi mudofaa vaziri general-polkovnik Rustam Ahmedov 82 yoshida vafot etdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Rustam Ahmedov 1943-yil 10-noyabrda Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumanida tug‘ilgan. 1965 yilda Toshkent oliy tank qo‘mondonlik bilim yurtini, 1985 yilda Zirhli qo‘shinlar akademiyasini “Tezkor-taktik qo‘mondonlik” mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.
1966-1986-yillarda SSSR va O‘zbekiston tank qo‘shinlari hamda harbiy bilim yurtlarida vzvod komandiridan batalon komandirigacha bo‘lgan lavozimlarda xizmat qilgan. 1991-yildayoq Rustam Ahmedov mudofaa ishlari vaziri va Milliy gvardiya qo‘mondoni etib tayinlangan, 1992-1997-yillarda esa O‘zbekiston mudofaa vaziri lavozimida ishlagan. 1997-1998-yillarda Favqulodda vaziyatlar vazirligini boshqargan. 2018-2020 yillarda mudofaa vaziri maslahatchisi bo‘lib ishlagan, mamlakat mudofaa tizimini isloh qilishda ishtirok etgan.
Ahmedov xizmat yillarida bir qator davlat mukofotlari, jumladan, O‘zbekiston Respublikasining Faxriy yorlig‘i (1993), II darajali “Shon-sharaf” ordeni (1995) va “Do‘stlik” ordeni (2018) bilan taqdirlangan.