O‘zbekiston vakillari Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) qo‘mitalari tarkibiga kiritildi. Bu haqda tashkilot kengashi xabar bermoqda.
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov Futbolda texnologiyalar, innovatsiyalar va raqamli transformatsiya qo‘mitasi raisining o‘rinbosari etib tayinlandi. Uning vakolat muddati 2025-yildan 2029-yilgacha etib belgilandi. Qo‘mitaga FIFA futbol texnologiyalari departamenti direktori Yoxannes Xoltsmyuller rahbarlik qiladi.
Qo‘mita futbolda texnologik yechimlarni joriy etish va rivojlantirish, jumladan, VAR tizimlari, gollarni qayd etish, ofsaydni yarim avtomatik aniqlash, raqamli monitoring va sun’iy intellektdan foydalanish bilan shug‘ullanadi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bosh kotibi Avaz Maksumov Plyaj futboli qo‘mitasiga, ayollar futbolini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Yuliya Panina esa Xotin-qizlar terma jamoalari o‘rtasidagi musobaqalar qo‘mitasiga a’zo bo‘ldi.