13-oktyabr kuni Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 208-maktabda yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda FVV matbuot xizmati xabar bermoqda.
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, yong‘in haqidagi signal soat 17:23 da kelib tushgan. Yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari soat 17:28 da manzilga yetib borib, yong‘in soat 17:39 da qurshab olingan va soat 17:42 da o‘chirilgan. Yong‘in sodir bo‘lgan vaqtda maktabda xodimlar ham, o‘quvchilar ham bo‘lmagan.
Hodisaning taxminiy sababi ta’mirlash ishlarini olib borishda yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilmaslikdir. Zarar aniqlanmoqda. Yong‘in natijasida jabrlanganlar yo‘q.
Tuman hokimligi maktabda sentyabr oyidan buyon darslar o‘tkazilmayotgani, maktabda kapital ta’mirlash ishlari olib borilayotganini ma’lum qildi. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan yong‘in paytida “maktabda o‘quvchilar bor edi” degan yolg‘on ma’lumotlarni tarqatmaslik so‘ralgan.