Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi 300-maktab o‘quvchilarining mushtlashuvi aks etgan video tarqaldi. Poytaxt Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi holatga izoh berdi.
Voqea 20-sentyabr kuni sodir bo‘lgan. 4-sinf o‘quvchilari o‘rtasida og‘zaki ziddiyat yuzaga kelib, janjalga aylangan. Besh nafar o‘g‘il bola sinfdosh dugonasiga bir necha marta qo‘llari bilan urib, oyoqlari bilan tanasining turli joylariga tepishdi.
Maktab ma’muriyati uchastka noziri va maktabga biriktirilgan inspektor va psixologni xabardor qilgan. Tekshiruv natijalariga ko‘ra, mojaroda ishtirok etgan o‘quvchilarning ota-onalari MJtKning 47-moddasi (Bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) bilan ma’muriy javobgarlikka tortildi.
Bundan tashqari, kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida ota-onalar bilan uchrashuv o‘tkazilib, tushuntirish ishlari olib borildi hamda maktab direktori va mas’ullarga nisbatan intizomiy choralar ko‘rildi.