Shavkat Mirziyoyev suv xo‘jaligini raqamlashtirish, quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish, sohaning xususiy sektor uchun jozibadorligini oshirishga oid taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Prezidentga “Davlat suv kadastri” tizimi tanishtirildi. U turli idoralardagi ma’lumotlarni yagona bazaga birlashtirishi, axborot almashinuvini soddalashtirishi va qog‘oz hujjat aylanishini qisqartirishi kerak. Uni 2026-yil aprel oyida ishga tushirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, foydalanilgan suvning aniq elektron hisobini yuritish va inson omili ta’sirini kamaytirish uchun “Suv hisobi” platformasi paydo bo‘ladi. Ma’lumotlarning aniqligini ta’minlash uchun u sug‘oriladigan yerlar va suv limitlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni avtomatik ravishda yangilash imkonini beruvchi “Raqamli qishloq xo‘jaligi” platformasi bilan integratsiya qilinmoqda.
Barcha tarmoq ma’lumotlarini yagona tizimga birlashtirish maqsadida Suv xo‘jaligi vazirligi huzurida Suv xo‘jaligini raqamlashtirish va monitoring markazi tashkil etiladi. U suv balansi, nasos stansiyalari va suv sarfi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tahlil qiladi. Raqamlashtirish bo‘yicha alohida vazir o‘rinbosari mas’ul bo‘ladi.
Shuningdek, joylarda suv ta’minoti tizimida moslashuvchan kadrlar boshqaruvi va ishlarni KPI asosida baholash joriy etiladi. 2026-yildan boshlab xodimlarni moddiy rag‘batlantirish tizimi amaliy natijalarga — berilgan suv hajmi va yakuniy iste’molchilarga yetkazilgan suv miqdori o‘rtasidagi nisbatga bevosita bog‘liq bo‘ladi.
Moliyaviy mustaqillikni oshirish uchun muassasalar suv solig‘ining 40 foizini rivojlantirishga yo‘naltirishi mumkin bo‘ladi. 2026-yilda bir nechta hududlardagi nasos stansiyalarining yarmi xususiy sheriklar boshqaruviga o‘tkaziladi. Namangan viloyatida “Chortoq tajribasi” loyihasi boshlanadi — xususiy kompaniyalar nasos stansiyalarini avtomatlashtiradi va modernizatsiya qiladi. Joriy yildan boshlab mamlakatimizda dehqon va fermerlarni o‘qitish bo‘yicha “Suvchilar maktabi” loyihasi boshlanadi va har bir tumanda o‘quv maydonlari tashkil etiladi.
Prezident raqamlashtirishni jadallashtirish, hisob va hisobotni avtomatlashtirish, xizmatlarni yaxshilash, davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Yakunda davlatimiz rahbari tegishli hujjatlarni imzoladi.