Ijtimoiy tarmoqlarda ta’lim muassasasi xodimi 3-sinf o‘quvchisini urayotgani aks etgan video paydo bo‘ldi. MMTB vaziyatni o‘rganib chiqdi.

Ma’lum bo‘lishicha, voqea 6 oktyabr kuni soat 09:30 larda Samarqand shahri Qo‘shrabot tumanidagi 71-maktabda sodir bo‘lgan. Maktabning kadrlar bo‘yicha mutaxassisiga tanaffus paytida uning o‘g‘li kelib, sinfdoshi uni urganidan shikoyat qilgan. Shundan so‘ng ayol farzandi bilan birga maktab sinfiga borib, o‘quvchini urgan.

Hodisa huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan nazoratga olinib, sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, bolaga yengil tan jarohati yetkazilgan. Hozirda ish sud tartibida ko‘rib chiqilmoqda.

Kadrlar bo‘yicha mutaxassis bilan mehnat shartnomasi bekor qilindi. Xodimlarning ichki tartib-qoidalariga rioya etilishini lozim darajada nazorat qilmagani uchun maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosariga intizomiy jazo qo‘llanildi.