Foto: Situativ

Toshkent shahrining Olmazor tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida IIO FMB profilaktika inspektorining narkologiya laboratoriyasini tashkil etgan xizmat xonasi ko‘zdan kechirildi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ulardan 10,5 kg “Alfa-PVP” sintetik giyohvandlik vositasi, 4 gr “spays”, shuningdek, giyohvandlik vositalarini tayyorlash uchun ishlatiladigan 588 gr suyuqlik, asbob-uskunalar va elektron tarozilar ashyoviy dalil sifatida olingan.

Toshkent viloyati Toshkent tumanida inspektorning uyi ko‘zdan kechirilganda 430 grammga yaqin “Alfa-PVP” tuproqqa ko‘mib qo‘yilgani aniqlandi va olib qo‘yildi. Ichki ishlar xodimi sintetik giyohvandlik vositalarini tarqatuvchi Telegram profili egasining topshirig‘iga ko‘ra, mamlakatga kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan moddalarni narkokuryerlardan qabul qilib, yashirin laboratoriyada tayyorlab, tarqatgan.

Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 28, 246-moddasi 2-qismi (Kontrabanda) hamda 25, 273-moddalari (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, xuddi shuningdek ularni o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov olib borilmoqda.