Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lum qilishicha, dunyoda 3 mlrd kishi nevrologik kasalliklarga chalingan. Bu haqda TASS xabar bermoqda.

Hozirda dunyo mamlakatlarining uchdan bir qismidan kamrog‘i har yili 11 million kishining hayotiga zomin bo‘layotgan nevrologik kasalliklar bilan kurashish siyosatini qabul qilgan.

Dunyodagi odamlarning uchdan bir qismidan ko‘prog‘i bosh miyaga ta’sir qiluvchi buzilishlardan aziyat chekadi va biz ularga zarur tibbiy yordamni yanada kengroq ko‘rsatish uchun qo‘limizdan kelganini qilishimiz kerak, — dedi JSST bosh direktori yordamchisi Jeremi Farrar.

Uning qo‘shimcha qilishicha, ko‘plab nevrologik kasalliklarning oldini olish va samarali davolash mumkin, ammo aksariyat odamlarga davolash-profilaktika yordami ko‘rsatilmaydi.

O‘lim va nogironlikning yetakchi nevrologik sabablari orasida insult, neonatal ensefalopatiya, migren, Alsgeymer kasalligi va boshqa demensiyalar, diabetik neyropatiya, meningit, idiopatik epilepsiya, erta tug‘ilishning nevrologik asoratlari, autizm spektrining buzilishi va asab tizimining onkologik kasalliklari qayd etilgan.

JSST jahon hamjamiyatini bosh miya salomatligiga ustuvor ahamiyat berishga va ilmiy asoslangan nevrologik yordam qamrovini kengaytirish bo‘yicha kelishilgan choralarni imkon qadar tezroq ko‘rishga chaqirdi.