Shavkat Mirziyoyev 15-oktyabr kuni Toshkent shahrining Yakkasaroy tumaniga tashrif buyurib, Shota Rustaveli ko‘chasidagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Davlat rahbari davlat va jamoat tashkilotlari vakillari bilan birga avtobusda ko‘cha bo‘ylab yurib, qulayliklarni ko‘zdan kechirdi, yo‘lovchilar bilan suhbatlashdi.
Toshkent shahrida ilk bor rivojlangan davlatlar tajribasi asosida jamoat transporti uchun ajratilgan yo‘laklar — BRT (Bus Rapid Transit) tizimi joriy etildi. Bu yangilik avtobuslar qatnovini tezlashtirib, yo‘lovchilarga qulaylik yaratdi.
Qiymati 19,2 million dollar bo‘lgan ushbu loyiha samarasida yo‘lovchi oqimi soatiga 2,5 mingdan 6 mingtaga ko‘paygan. Yo‘lning o‘tkazuvchanlik qobiliyati kuniga 40 mingtaga yetkazilib, o‘rtacha harakat tezligi soatiga 23 kilometrdan 30 kilometrga oshirildi. Eng asosiysi, xavfsizlik darajasi oshdi, yo‘l-transport hodisalari soni sezilarli darajada kamaydi.
Loyiha doirasida 21 ta yangi avtobus bekati va 463 ta “aqlli” svetofor o‘rnatilib, intellektual transport tizimi joriy etildi. Avtoturargohlar, velosiped yo‘laklari, yashil hududlar, sug‘orish va drenaj tizimlari ham ko‘zda tutilgan.
Shu yerda prezidentga ajratilgan avtobus yo‘laklari tarmog‘ini kengaytirish, poytaxt atrofida transport bog‘lamalari tashkil etish loyihalari taqdimot qilindi.
Agar metro yo‘llari qurmaganimizda, yangi avtobuslar olib kelmaganimizda bugun Toshkentda transport qatnovi qiyin bo‘lardi. Shuning uchun odamlarni rozi qilish nuqtayi nazaridan yo‘llarni to‘g‘rilayapmiz, jamoat transportini rivojlantiryapmiz. Bunday ishlarni barcha shaharlarimizda davom ettiramiz, — dedi prezident.
Prezident mutasaddilarga jamoat transportidan foydalanishda qulayliklarni oshirish, tirbandliklarni kamaytirish choralarini ko‘rish, Toshkent va Yangi Toshkent o‘rtasida samarali transport qatnovini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.