Shavkat Mirziyoyev 15-oktyabr kuni Saudiya Arabistonining yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Tadbirda Qirollik investitsiyalar vaziri Xolid al-Falih, yetakchi kompaniya va korporatsiyalar rahbarlari, jumladan Acwa Power, Al Muhaidib Group, Vision Invest, Data Volt, Riyadh Cables, AlMajdiah, InterHealth, Saudi Tabreed, AlBawani Holding, Miahona, Pemco va boshqalar ishtirok etdi.

Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari ikki davlat rahbarlarining birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli keyingi yillarda O‘zbekiston-Saudiya ko‘p qirrali sheriklik munosabatlari yuksak darajaga ko‘tarilganini alohida ta’kidladi.

Qo‘shma loyihalarning umumiy portfeli 27 milliard dollardan oshdi. Shu bilan birga, joriy yil boshidan buyon mamlakatda 2 milliard dollarlik Saudiya investitsiyalari o‘zlashtirildi. O‘zaro savdo hajmi barqaror oshib bormoqda. Aviaqatnovlar chastotasi haftasiga 60 martadan oshdi.

Bugun ikki mamlakat o‘rtasidagi samarali va uzoq muddatli sheriklikning yana bir yorqin dalili bo‘lgan tarixiy loyiha — Toshkent xalqaro aeroportining qurilishiga tamal toshi qo‘yilishi alohida ta’kidlandi.

O‘zbekistonning iqtisodiy transformatsiyasiga, uning rivojlanishiga katta hissa qo‘shayotgan saudiyalik hamkorlarimizni biz doim yuksak qadrlaymiz, — dedi prezident.

So‘ng O‘zbekiston prezidenti energetika sohasidagi loyihalar alohida ahamiyatga ega ekanini ta’kidlab, hamkorlikni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini ko‘rsatib o‘tdi. Bugungi kunda mamlakatimizda ACWA Power kompaniyasi tomonidan hududlarda shamol va quyosh elektr stansiyalarini qurish, «yashil» vodorodni rivojlantirish kabi 15 milliard dollarlik loyihalar amalga oshirilmoqda.

Bunday loyihalarni amalga oshirishda milliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlaridan keng foydalanish mamlakat sanoat salohiyatini rivojlantirishga qo‘shimcha turtki beradi.

Axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi. Data Volt kompaniyasi Toshkent shahrida zamonaviy data-markaz yaratish loyihasini muvaffaqiyatli amalga oshirmoqda. Yangi Toshkent va Buxorodagi shunday markazlarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, Saudiya Arabistonining boshqa kompaniyalarini raqamli tashabbuslarda ishtirok etishga tayyorlik bildirildi.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston volfram, molibden, magniy, litiy, grafit, titan va boshqa strategik muhim foydali qazilmalarning katta zaxiralariga ega. Toshkent va Samarqand viloyatlarida “Kelajak metallari texnoparki” tashkil etilib, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Shu munosabat bilan mamlakatimiz yetakchisi saudiyalik investorlarni geologiya-qidiruv ishlarini olib borish va xomashyoni qazib olishdan tortib, uni qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan to‘liq ishlab chiqarish jarayonidagi loyihalarda faol ishtirok etishga taklif etdi.

Infratuzilma sohasida Miahona kompaniyasi bilan Farg‘ona va Jizzax shaharlarida oqova suvlarni tozalash, Qoraqalpog‘istonda suv ta’minoti tizimlarini rivojlantirish va nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish loyihalari bo‘yicha muvaffaqiyatli hamkorlik qilinayotgani qayd etildi.

Shuningdek, Saudi Tabreed kompaniyasi bilan kommunal sohani rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Prezidentimiz Podshohlik kompaniyalarini infratuzilmani modernizatsiya qilish va aholi turmush sifatini oshirishga qaratilgan yangi o‘zaro manfaatli loyihalarda faol ishtirok etishga chaqirdi.

O‘z navbatida, Saudiya Arabistonining yetakchi ishbilarmon doiralari vakillari Yangi O‘zbekistonning iqtisodiy siyosati, barqaror o‘sishi va qulay investitsiyaviy muhitini yuqori baholab, mamlakatda o‘zaro manfaatli sheriklikni yanada chuqurlashtirish, aniq loyiha va dasturlarni ilgari surish rejalarini ma’lum qildi.